AI qidiruvda ko'rinish (GEO): ChatGPT va AI Overviews saytingizni qanday tanlaydi

AISEOGEO

Foydalanuvchi endi "eng yaxshi CRM" deb qidirganda 10 ta havolani ko'rmaydi — tayyor javobni oladi, ostida 3-4 ta manba bilan. Savol shu: o'sha manbalar orasida sizning saytingiz bo'ladimi?

Bu yo'nalish GEO (Generative Engine Optimization) yoki AEO deb ataladi. Ammo darrov muhim bir narsani aytib qo'yay.

Bu alohida fan emas

Google rasmiy hujjatida aniq yozadi: generativ qidiruv uchun optimallashtirish — bu hamon SEO. "AEO" va "GEO" nomlari o'sha ishning yangi yorlig'i.

Google shuningdek quyidagilar ishlamaydi deb aytadi: llms.txt fayli (Google Search uni butunlay e'tiborsiz qoldiradi), matnni "AI uchun" qayta yozish, sun'iy brend eslatmalarini ko'paytirish.

Demak poydevor o'sha-o'sha: texnik soz sayt, foydali kontent, ishonchli manba. Farq — urg'uda.

Brend eslatmalari backlinkdan kuchliroq

Ahrefs 75 000 brend bo'yicha o'tkazgan tadqiqotida qiziq natija chiqdi: AI iqtiboslari bilan eng kuchli bog'liqlik YouTube'dagi eslatmalar (korrelyatsiya ~0.74) va Reddit muhokamalarida. Domen reytingi (backlinklar) esa zaif bog'liqlikda — atigi ~0.27.

Sabab tushunarli: til modellari matn ichida brend nomi qanchalik ko'p va qanday kontekstda uchraganiga qarab "biladi". Havola emas, nom muhim.

Amaliy xulosa: bitta sifatli YouTube videosi yoki professional forumdagi haqiqiy muhokama, o'nlab arzon backlinkdan foydaliroq.

Iqtibosga yaroqli parcha qanday bo'ladi

AI javob yozayotganda butun sahifani emas, undan bir parchani oladi. Shuning uchun kontentni shunday yozish kerakki, har bo'lim mustaqil ma'noga ega bo'lsin.

Amalda ishlaydigan format:

  • Bo'lim boshida savolga to'g'ridan-to'g'ri javob — birinchi 40-60 so'zda
  • Parcha uzunligi 134-167 so'z oralig'ida
  • Aniq raqam, sana, manba bilan
  • Sarlavha savol shaklida ("Qancha vaqt ketadi?")

Va muhim detal: iqtiboslarning taxminan 44% sahifaning birinchi 30% qismidan olinadi. Eng qimmatli javobni pastga yashirmang.

Yangilik muhim

SE Ranking 1.3 million iqtibosni tahlil qilib topgan natija: 3 oydan yangi kontent AI javoblarida ~3 barobar ko'proq iqtibos qilinadi. 6 oydan ortiq yangilanmagan sahifalar esa iqtibos huquqini asta yo'qotadi.

Shuning uchun eski maqolalarni muntazam yangilab turish — yangi maqola yozishdan ko'ra ko'proq samara berishi mumkin. Yangilaganda dateModified ni ham o'zgartiring.

Texnik shartlar

AI-crawlerlar JavaScript bajarmaydi. Kontentingiz JS bilan chizilsa, GPTBot bo'sh sahifa ko'radi. Server tomonda chizilgan (SSR) yoki statik HTML kerak.

Botlar kirishini tekshiring — robots.txt da bloklanmagan bo'lsin:

  • GPTBot, OAI-SearchBot — OpenAI
  • ClaudeBot — Anthropic
  • PerplexityBot — Perplexity

Cloudflare ortidagi saytlarda alohida ehtiyot bo'ling: yangi zonalarda AI-botlar avtomatik bloklanishi mumkin. Buni oddiy curl bilan tekshirasiz:

curl -s -o /dev/null -w "%{http_code}" -A "GPTBot/1.0" https://sizningsayt.uz/

200 chiqmasa — bloklangan.

Platformalar bir xil emas

Faqat 11% domen ChatGPT va Google AI Overviews'da bir vaqtda iqtibos qilinadi. Ya'ni ular boshqacha tanlaydi:

Platforma Asosiy manbalari
Google AI Overviews Klassik reytingda yaxshi turgan sahifalar
ChatGPT Wikipedia (~48%), Reddit
Perplexity Reddit (~47%), Wikipedia

Xulosa: Google uchun klassik SEO ishlaydi, ChatGPT uchun esa entity mavjudligi (Wikipedia/Wikidata) hal qiluvchi.

Nimadan boshlash kerak

  1. AI-botlar saytga kira olishini tekshiring (yuqoridagi curl)
  2. JS'siz kontent ko'rinishini tekshiring — sahifa manbasida matn bormi
  3. Asosiy sahifaga o'z-o'zini izohlaydigan 150 so'zli bio/tavsif bloki qo'ying
  4. Schema.org bilan entity bog'lang (sameAs — barcha profillaringiz)
  5. Eski kontentni yangilash jadvalini tuzing

Qolgani — odatdagi SEO. Yangi fan o'rganish shart emas.