Ko'p so'raladigan savollar
Murojaat qilganlar eng ko'p so'raydigan savollar va ularga halol javoblar.
SEO
SEO natijasi qancha vaqtda ko'rinadi?
Texnik muammolar tuzatilganda (indeksatsiya, tezlik, canonical) birinchi o'zgarishlar 2-4 haftada seziladi. Kontent va havolalar hisobiga barqaror o'sish odatda 3-6 oyni oladi. Bir haftada top chiqishni va'da qilgan har qanday taklifga shubha bilan qarang.
SEO xizmati qancha turadi?
Narx ish hajmiga bog'liq: bir martalik texnik audit va kompleks oylik hamkorlik butunlay boshqa mehnat talab qiladi. Saytingizni ko'rib chiqqach aniq raqam aytaman — dastlabki ko'rik bepul.
Kafolat berasizmi?
Aniq pozitsiyaga kafolat bermayman — buni hech kim halol bera olmaydi, chunki qidiruv natijasi Google algoritmiga bog'liq. Kafolat beradigan narsam: bajarilgan ishlar ro'yxati, o'lchanadigan ko'rsatkichlar va har bosqichda ochiq hisobot.
Saytim Google'da umuman ko'rinmayapti. Sababi nima bo'lishi mumkin?
Avval indeksatsiyani tekshiring: Google'da site:sayt.uz deb qidiring. Natija bo'lmasa sabab odatda uchtadan biri — robots.txt bloklab turgan, sahifalarda noindex qolib ketgan yoki sayt Search Console'ga qo'shilmagan. Bular tuzatilmaguncha kontent yozishning foydasi yo'q.
Sayt tezligi reytingga qanchalik ta'sir qiladi?
Tezlik reyting omili, lekin hal qiluvchi emas. Mazmuni mos kelmagan tez sayt, mazmuni mos sekin saytdan yuqori chiqmaydi. Lekin tezlik konversiyaga to'g'ridan-to'g'ri ta'sir qiladi — sekin sahifada foydalanuvchi kutmaydi. Core Web Vitals ko'rsatkichlarini me'yorda ushlash kerak, lekin 100/100 ballga quvish shart emas.
Backlink sotib olsam bo'ladimi?
Tavsiya qilmayman. Sifatsiz havolalar bugun kam foyda beradi, kelajakda esa muammo bo'lib qaytishi mumkin. Ancha ishonchli yo'l — haqiqiy eslatmalar: sifatli kontent, mahalliy nashrlar, professional hamjamiyatlar.
Sayt yangi domenda. Qachondan natija kutish mumkin?
Yangi domen Google ishonchini bir zumda olmaydi. Indeksatsiya bir necha kunda boshlanadi, ammo raqobatli so'zlar bo'yicha jiddiy pozitsiya odatda bir necha oy oladi. Shu davrda texnik poydevor va kontent bazasini qurish to'g'ri strategiya.
Ko'p tilli sayt kerakmi?
Auditoriyangiz haqiqatan bir necha tilda bo'lsa — ha. Aks holda yarim tarjima qilingan ikkinchi til foyda emas, muammo keltiradi. Qo'shsangiz — hreflang teglari HTML va sitemap'da bir xil bo'lsin, bu eng ko'p uchraydigan xato.
Google Ads
Google Ads uchun minimal byudjet qancha?
Byudjet nishaga bog'liq: raqobat qanchalik yuqori bo'lsa, bosish narxi shuncha qimmat. Kampaniyani sinov rejimida kichik byudjet bilan boshlab, ma'lumot to'plangach kengaytirish to'g'ri yo'l.
SEO va Google Ads — qaysi biri kerak?
Ads darhol trafik beradi, lekin pul to'xtasa trafik ham to'xtaydi. SEO sekin, lekin uzoq muddatli. Yangi biznes uchun odatda ikkalasi birga: Ads bilan talab bor-yo'qligini tez tekshirasiz, shu bilan parallel SEO poydevorini qurasiz.
Reklamam ishlayapti, lekin sotuv yo'q. Muammo qayerda?
Ko'p hollarda muammo reklamada emas, undan keyingi bosqichda: landing sahifa va'dani takrorlamaydi, forma murakkab, telefon ko'rinmaydi yoki mobil versiya noqulay. Buni aniqlash uchun konversiya kuzatuvi to'g'ri sozlangan bo'lishi shart — aks holda taxmin qilib ishlaymiz.
Kampaniyani o'zim yuritsam bo'ladimi?
Ha, bazaviy sozlamalarni o'rganish qiyin emas. Eng ko'p pul yeydigan xatolar: Display tarmog'i yoqiq qolishi, geografiya "presence or interest" da turishi va minus so'zlar ro'yxati yo'qligi. Shu uchtasi to'g'irlansa byudjetning katta qismi tejaladi.
AI
AI-avtomatlashtirish deganda nima tushuniladi?
Takrorlanuvchi ishlarni dastur va til modellari zimmasiga o'tkazish: kontent tayyorlash, ma'lumot yig'ish va tahlil, hisobotlar, mijoz murojaatlariga birlamchi javob. Maqsad — odamni almashtirish emas, qo'l mehnatini kamaytirish.
AI yozgan kontentni Google jazolaydimi?
Google kontentni kim yozgani bo'yicha emas, sifati bo'yicha baholaydi. Foydali, tajribaga asoslangan va tekshirilgan material AI yordamida yozilgan bo'lsa ham normal reyting oladi. Jazolanadigani — hech kimga kerak bo'lmagan, faqat qidiruv uchun ishlab chiqarilgan ommaviy matn.
ChatGPT javoblarida saytim ko'rinishi uchun nima qilish kerak?
Uch narsa: sayt AI-crawlerlarga ochiq bo'lsin (GPTBot, ClaudeBot, PerplexityBot bloklanmagan), kontent JavaScriptsiz ham ko'rinsin, va har bo'lim mustaqil, iqtibosga yaroqli javob bo'lsin. Bundan tashqari brend eslatmalari muhim — ular havolalardan ko'ra kuchliroq signal beradi.
Umumiy
Faqat O'zbekistondagi loyihalar bilan ishlaysizmi?
Yo'q. Masofadan ishlayman, til — o'zbek, rus yoki ingliz. Muhimi vazifa aniq bo'lsin.
Sayt yo'q, faqat g'oya bor. Yordam bera olasizmi?
Ha. Bunday holatda avval nima qurish kerakligini aniqlaymiz: ba'zan to'liq platforma emas, bir sahifalik sayt yoki Telegram bot ham yetarli bo'ladi.
Ishni qanday boshlaymiz?
Telegram yoki emailga vazifangizni qisqacha yozasiz. Men saytni ko'rib chiqib real holatni aytaman (bu bosqich bepul). Kelishsak — ish hajmi, muddat va narx belgilanadi, so'ng bosqichma-bosqich ishlaymiz.
Ishlagan natijalaringizni ko'rsata olasizmi?
Ha. O'z loyihalarim ochiq: Zamin.uz (2014-yildan, Milliy internet tanlovi 2-o'rin), Bisyor.uz, One.uz, Playmatch va App Store hamda Google Play'dagi ilovalar. Mijoz loyihalari bo'yicha tafsilotlarni ularning roziligi bilan aytaman.
Savolingizga javob topilmadimi?