Bisyor.uz — 2022-yilda ishga tushirgan e'lonlar va onlayn savdo platformasi. Veb-sayt, iOS va Android ilovalari — uchalasi bir ekotizim.
Bu maqolada marketplace qurishda duch kelgan uchta asosiy masalani yozaman: katalog tuzilmasi, veb va mobil o'rtasidagi muvozanat, hamda ilovalarni store'ga chiqarish.
1. Katalog tuzilmasi — SEO poydevori
E'lonlar saytida trafikning katta qismi kategoriya va filtr sahifalariga tushadi. Shuning uchun URL tuzilmasi birinchi kunda to'g'ri qo'yilishi kerak — keyin o'zgartirish qimmat.
Amaliyotda ishlaydigan qoidalar:
- Har kategoriya o'z statik URLiga ega bo'lsin, faqat parametr emas
- Filtr kombinatsiyalari cheksiz — ularning hammasi indeksatsiyaga ochiq bo'lmasligi kerak, aks holda index bloat boshlanadi
- Qiymatli kombinatsiyalar (masalan "Toshkentda ijaraga kvartira") — ochiq va o'z
title/descriptioniga ega - Qolganlari —
noindexyoki canonical orqali asosiy kategoriyaga yig'iladi
Bu qaror kechiktirilsa, bir necha oydan keyin Google indeksida o'n minglab bir xil sahifa paydo bo'ladi va butun domenning ishonchi tushadi.
2. E'lon sahifasi: tugagan e'lonlar bilan nima qilish
Marketplace'da kontentning katta qismi vaqtinchalik: e'lon sotiladi va yopiladi. Ularni shunchaki o'chirish — 404 lar to'plamini yaratish demak.
Ishlaydigan yondashuv:
- E'lon yopilganda sahifa saqlanadi, lekin "sotilgan" holati ko'rsatiladi
- Sahifada shu kategoriyadagi aktual e'lonlar ro'yxati beriladi — foydalanuvchi bo'sh sahifaga tushmaydi
- Juda eski e'lonlar (masalan 1 yildan oshgan)
noindexga o'tkaziladi
Natijada foydalanuvchi ham, qidiruv tizimi ham boshi berk ko'chaga tushmaydi.
3. Veb va mobil ilova: qaysi biri birinchi
Ko'p loyihalar "avval ilova, keyin sayt" yo'lidan boradi. Marketplace uchun bu xato — chunki:
- Yangi foydalanuvchi qidiruvdan keladi, ilova do'konidan emas
- Ilova o'rnatish — katta to'siq; sayt esa bir bosishda ochiladi
- SEO trafigi ilovaga foydalanuvchi olib keladi, teskarisi emas
Bisyor'da sayt asosiy kirish nuqtasi bo'lib qoldi, ilovalar esa qaytib keluvchi foydalanuvchilar uchun.
4. Store'ga chiqish
iOS va Android uchun ilova chiqarishda vaqtni eng ko'p yeydigan narsa — kod emas, store talablari:
- Apple: hisob o'chirish funksiyasi ilova ichida bo'lishi shart (aks holda rad etiladi), maxfiylik siyosati, kontent moderatsiyasi tartibi
- Google Play: Data safety formasi, maqsadli auditoriya, ruxsatlar izohi
Chiqarish jarayonini avtomatlashtirish ko'p vaqt tejaydi. Menda bu altool (App Store) va Android Publisher API (Play) orqali bitta skript bilan bajariladi — build raqami avtomatik oshadi va ikkala store'ga birdan yuklanadi.
5. Moderatsiya
E'lonlar platformasida moderatsiya — texnik emas, jarayon masalasi. Avtomatik filtrlar (taqiqlangan so'zlar, dublikat e'lonlar, shubhali narxlar) birinchi qatlam bo'lib xizmat qiladi, lekin qo'lda tekshiruvni butunlay almashtirmaydi.
Xulosa
Marketplace — bu sayt emas, ekotizim: katalog, moderatsiya, mobil ilovalar, store bilan ishlash. Eng ko'p pushaymon bo'ladigan qaror — URL va katalog tuzilmasini keyinga qoldirish.
Boshqa hamma narsani keyin tuzatsa bo'ladi, tuzilmani esa — qiyin.