Sayt qurildi, kontent yozildi, lekin Google'dan tashrif yo'q. Bunday holatda odamlar odatda yana ko'proq maqola yozishga kirishadi — vaholanki muammo ko'pincha kontentda emas, texnik qatlamda bo'ladi.
Quyidagi ro'yxat men saytlarni tekshirganda ketma-ket bosib chiqadigan tartib. Yuqoridan pastga qarab boring: yuqoridagi bandlar buzilgan bo'lsa, quyidagilari ahamiyatsiz.
1. Sayt umuman indeksatsiyadan o'tganmi?
Google'da site:sizningsayt.uz deb qidiring. Natija 0 bo'lsa — qolgan hamma ish keyin.
Sabablari odatda uchta: robots.txt bloklab turgan, sahifalarda noindex meta qolib ketgan, yoki sayt hali Google Search Console'ga qo'shilmagan.
2. robots.txt to'g'rimi?
sizningsayt.uz/robots.txt ni oching. Ishlab chiqish paytida qo'yilgan Disallow: / qatori jonli saytda qolib ketishi — men ko'rgan eng ko'p uchraydigan xato.
3. noindex qolib ketmaganmi?
Sahifa manbasida <meta name="robots" content="noindex"> qidiring. Ba'zi CMS'larda "qidiruv tizimlaridan yashirish" belgisi sozlamalarda yoqilgan holda qoladi.
4. Canonical to'g'ri ko'rsatyaptimi?
Har sahifa o'ziga canonical qo'ysin. Ko'p uchraydigan nosozlik: barcha sahifalar bosh sahifaga canonical berib turadi — natijada ichki sahifalar indeksdan tushadi.
5. Sitemap to'liqmi?
Sitemap'da arxivning hammasi bo'lishi kerak, "oxirgi 100 ta maqola" emas. Katta saytlarda sitemap-index ishlating, har segmentda 40 mingtagacha URL.
Sitemap Search Console'ga yuborilgan va "muvaffaqiyatli" statusda turganini tekshiring.
6. Sayt tezligi (Core Web Vitals)
PageSpeed Insights'da mobil versiyani tekshiring. Uchta ko'rsatkich muhim:
- LCP — eng katta element chizilishi, 2.5 soniyadan kam
- INP — bosishga javob berish, 200 ms dan kam
- CLS — layout siljishi, 0.1 dan kam
Eng ko'p uchraydigan sabab — hajmi optimallashtirilmagan rasmlar va width/height ko'rsatilmagan <img> teglari (CLS aynan shundan).
7. Mobil versiya
Google mobil versiyani asosiy deb hisoblaydi. Telefonda gorizontal skroll bo'lsa yoki matn juda kichkina bo'lsa — bu to'g'ridan-to'g'ri reyting muammosi.
8. Title va description
Har sahifada unikal title (60 belgigacha) va description (155 belgigacha). Uzunroq bo'lsa qidiruv natijasida qirqiladi va CTR tushadi.
Dublikat titlelar — katalog saytlarida eng ko'p uchraydigan muammo.
9. Sarlavhalar ierarxiyasi
Sahifada bitta H1, keyin H2, ichida H3. Dizayn uchun H3 dan H1 ga sakrash yoki sarlavhalarni faqat shrift kattaligi uchun ishlatish — Google uchun tuzilma yo'qoladi.
10. Ichki linklar
Yangi maqola qo'yganingizda eski maqolalardan unga havola bering. Hech qayerdan havola olmagan sahifa ("orphan page") indeksatsiyaga sekin tushadi.
11. Structured data (schema.org)
Maqola uchun Article, mahsulot uchun Product, tashkilot uchun Organization. Rich Results Test bilan tekshiring — bu qidiruv natijasida qo'shimcha ko'rinish beradi.
12. Ko'p tilli sayt bo'lsa: hreflang
Hreflang teglari HTML <head> va sitemap'da bir xil bo'lishi shart. Bir-biriga zid bo'lsa Google ikkalasini ham e'tiborsiz qoldiradi va noto'g'ri tilni ko'rsatadi.
x-default ni ham unutmang.
Qayerdan boshlash kerak
Agar vaqtingiz cheklangan bo'lsa: 1-5 bandlar (indeksatsiya) — bir kunda tekshiriladi va ta'siri eng katta. 6-7 (tezlik va mobil) — keyingi hafta. Qolganlari muntazam ish.
Amaliyotda ko'p saytlarda "kontent yetarli emas" deb o'ylangan muammo aslida robots.txt yoki canonical'da chiqadi. Shuning uchun tartibni buzmang.